Kengash


Kengash kotibi: Zoyirov Nodir Ilxomovich
Qabul vaqti: Seshanba – Payshanba (14:00-16:00)
Telefon: (0 375) 232-02-32
E-mail: kotib@tuitkf.uz

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ilmiy kengashining

NIZOMI

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1998 yil 9 dekabr 345-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Oliy o‘quv yurtining Ilmiy kengashi to‘g‘risidagi Nizom»iga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali faoliyatiga tegishli asosiy masalalarni ko‘rib chiqish uchun direktor raisligida Ilmiy kengash tashkil etiladi.

2. Ilmiy kengashning asosiy vazifasi – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali jamoasi harakatlarining quyidagi masalalarni bajarishga qaratilgan faoliyatlarini birlashtirish hisoblanadi: Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini amalga oshirish, va uni rivojlantirish zamonaviy pedagogik texnologiya va kompyuterlashtirish asosida yuqori sifatli bakalavr va magistrlar tayyorlashni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, yoshlarda vatanparvarlik, fuqarolik, o‘z Vatani bilan faxrlanish, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy dunyoqarashlarni shakllantirish ishlarini amalga oshirish va tegishli muvofiqlashtirishni tashkillashtirish.

3. Ilmiy kengash tarkibiga quyidagilar kiradi: filial direktori, fakultet dekanlari, magistratura bo‘limi boshlig‘i, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, o‘quv bo‘limi boshlig‘i, ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i, kafedra mudirlari, shuningdek, birlashgan kasaba uyushmasining vakili, yuqori tashkilot (O‘zATKRV) vakillari. Ilmiy kengashning boshqa a’zolari Ilmiy kengashning umumiy majlisida (konferensiyada) yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar. Professor - o‘qituvchilar tarkibidan Ilmiy kengash a’zolarining soni Ilmiy kengashning qarori bilan belgilanadi. Ilmiy kengash tarkibiga universitetning muayyan yo‘nalishi muammolari bo‘yicha faoliyat yurituvchi, respublika miqyosidagi yirik olim va mutaxassislar, shuningdek, davlatlararo va xorijiy o‘quv yurtlarining bevosita aloqalari bo‘lgan vakillari ham kiritilishi mumkin.

4. Ilmiy kengash tarkibi filial direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har o‘quv yilining boshida, turli sabablarga ko‘ra Ilmiy kengash tarkibidan chiqarilganlar o‘rniga a’zolar saylanadi yoki nizom bo‘yicha kiritiladi.

5. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali Ilmiy kengashi:

- Kadrlar tayyorlash Milliy dasturiga muvofiq, davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishini ko‘rib chiqadi;

- xorijiy mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan birlashgan Ilmiy kengashlarni tashkil etishning maqsadga muvofiqligini belgilaydi;

- fakultetlarni o‘quv, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarini, shuningdek, filial markazlari va bo’limlar faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitib boradi;

- qabul natijalari to‘g‘risidagi qabul komissiyasining, bitiruvchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji, buyurtmachilar bilan aloqalar to‘g‘risida marketing xizmatining hisobotlarini eshitadi;

- talabalarning yirik malakaviy amaliyotlariga yakun yasaydi va ularni yanada yaxshi tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar beradi;

- ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rejalarini va professor-o‘qituvchilar tarkibining malaka oshirishi masalalarini muhokama etadi;

- xorijiy mamlakatlarning oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalar o‘rnatish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;

- universitetda filial, fakultet va kafedralarni ochish, berkitish, o‘zgartirishga bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qaror qabul qiladi;

- kafedra mudirligiga o‘tkaziladigan tanlovlarda nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda tanlov o‘tkazadi;

- professor, dotsent ilmiy unvonini olishga intilayotgan izlanuvchilarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va ilmiy unvonni tasdiqlash uchun Oliy Attestatsiya Komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etadi;

- marketing xizmatining takliflarini hisobga olgan holda yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini ochish to‘g‘risida taklif kiritadi;

- darslik, o‘quv qo‘llanma va ilmiy, uslubiy adabiyotlarni tayyorlash va nashr etish masalalarini ko‘rib chiqadi;

- «Oliy o‘quv yurtlari pedagogik xodimlarni ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq professor-o‘qituvchilar lavozimlarini egallashlari uchun tanlovlar o‘tkazadi;

- kafedra mudirlarining umumiy hisobotlarini kengaytirilgan Ilmiy kengashda ko‘rib chiqish, hisobot qoniqarsiz deb topilsa yoki kafedra mudiri, kafedraning professori, dotsenti, o‘qituvchi va xodimlarining malakasi yetarli emas, deb qabul qilinsa, u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qiladi;

- doktorantura, aspirantura va oliy o‘quv yurti ta’limidan keyingi boshqa ta’lim shakllariga nomzodlarni tavsiya etadi;

- a’lochi talabalar safidan va professor-o‘qituvchilar tarkibidan nomzodlarni «Is’tedod» jamg‘armalari orqali yoki o‘zaro tuzilgan shartnomalar, memorandum va h.k. asosida xorijiy oliy o‘quv yurtlari va markazlariga stajirovkaga, malaka oshirishga va akademik almashuvlarga tavsiya etadi;

- nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yakunlash hamda darslik va monografiyalarni nihoyasiga yetkazish uchun ijodiy ta’tillar berish haqidagi qarorlarni qabul qiladi;

- faxriy unvonlarni berish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqadi va tavsiya etadi;

- ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi kichik korxonalar, firma va kurslar faoliyati haqida rahbarlarning hisobotlarini eshitadi;

- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali bitiruvchilaridan nomzodlarni aspiranturaga qabul qilishga tavsiya etadi, nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlarni va doktorantlarga ilmiy maslahatchilarni tasdiqlaydi;

- oliy o‘quv yurtining iqtidorli a’lochi talabalari va aspirantlari safidan nomzodlarni nomli stipendiyalar olishiga tavsiya etadi;

- fakultet dekanlarining o‘qishni tamomlagan talabalar va aspiranturani bitirganlar bilan aloqalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi, kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni o‘quv bo‘limi bilan birgalikda ishlab chiqadi;

- «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi bilan hamkorlikda talabalarning jismoniy tarbiyasi va ularning sog‘liqlarini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarni tasdiqlaydi;

- talabalar uylaridagi holat, unda amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida hisobotlarni eshitadi va tegishli ko‘rsatmalar beradi.

- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabalari va xodimlarining radiatsion xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari va mehnat muhofazasini takomillashtirish bo‘yicha tadbirlarni belgilaydi;

- filialni rivojlanishining joriy (yillik) istiqbolli rejalarini tasdiqlaydi va moliyaviy xo‘jalik faoliyati natijalarini eshitadi;

- Oliy ma’lumotli mutaxassislarning malaka oshirish tarmoqlari rahbarlarining hisobotini eshitadi;

6. Ilmiy kengash o‘z ishini har o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan rejaga muvofiq amalga oshiradi. Ilmiy kengash rejasi, Ilmiy kengash a’zolarining yig‘ilishida ko‘rib chiqilgandan so‘ng, direktor tomonidan tasdiqlanadi.

7. O‘quv va ilmiy ishlarning barcha masalalari bo‘yicha Ilmiy kengashning qarorlari ochiq ovoz berish tartibida ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Kafedra mudirlariga, professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlarini egallashga o‘tkazilgan tanlovlar, professor va dotsent ilmiy unvonlarini berishga taqdimnomalar esa yopiq ovoz berish yo‘li bilan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

8. Ilmiy kengash qarorlari, filial direktori tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.

9. Ilmiy kengashning majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Ilmiy kengashning raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi.

10. Ilmiy kengash raisi, muntazam ravishda, Ilmiy kengash qarorlari bajarilishi bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etadi va qabul qilingan qarorlarning bajarilishi haqida axborot beradi.

11. Ilmiy kengash majlisida filial bo’limlari faoliyatiga tegishli masalalar ko‘rilganda bo’lim boshlig’i a’zo sifatida taklif etiladi.

12. Ilmiy kengashning o‘tkazilishi haqidagi bildirishnomalar majlisga eng kamida bir hafta qolganda tarqatiladi.

FOYDALI SAYTLAR

prev
next