Prezident tabrigi


Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o'qituvchilari va talabalariga, butun jamoasiga!

   Avvalambor, siz azizlarni mamlakatimizdagi etakchi oliy o'quv yurtlaridan biri bo'lmish Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tashkil topganiga 50 yil to'lishi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
   Xozirgi paytda qaysi zamonaviy soha yoki tarmoqni olmaylik – bu sanoat ishi yoki qishloq xo'jaligi, qurilish, xizmat ko'rsatish tizimi bo'ladimi, xavfsizlikni ta'minlash, ijtimoiy masalalar yoki fan-texnika, madaniyat rivoji bo'ladimi –bularni barchasining taraqqiyoti negizida avvalambor telekommunikasiya va axborot texnologiyalari turganini eng ilg'or davlatlar va umuman, dunyo tajribasi misolida ko'rish va anglash qiyin emas.
   Bunday o'ta muxim va strategik sohani jaxon andozalari va talablariga mos ravishda tezkor sur'atlar bilan rivojlantirishda bugungi kunda yuqori malakali kadr va mutaxassislar tayyorlash masalasi biz uchun xech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydigan g'oyat dolzarb vazifaga aylanmoqda.
   Buni barchamiz – eng yuqori vazifadan tortib quyi bo'g'inda o'tirgan rahbarlargacha, olim-u mutaxassislardan tortib oddiy fuqarolarimizgacha yaxshi anglab olishimiz zarur, deb o'ylayman.
   Bunday murakkab va g'oyat mas'uliyatli vazifani hal etishda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bu sohadagi tayanch oliy o'quv yurti sifatida o'rni va ahamiyati ulkan, albatta.
   Shu bois Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so'ng biz telekommunikasiya va axborot texnologiyalari sohasiga, jumladan, mazkur oliy o'quv yurti rivojiga naqadar jiddiy e'tibor berib kelayotganimiz, o'ylaymanki, barchangizga yaxshi ma'lum.
   Ayni paytda jaxon miqyosida axborotlashtirish jarayonlari tobora globallashib, bu boradagi raqobat, kuchayib borayotgan, axborot nainki tovar, balki kuchli, mafkuraviy qurolga aylanayotgan xozirgi shiddatli zamonda hayotning o'zi, O'zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olgan xolda, bu yo'nalishda yangi-yangi vazifalarni oldimizga keskin qilib qo'ymoqda.
   Shu borada biz iqtisodiyotimizning negizini belgilab beradigan mashinasozlik, elektronika, samolyotsozlik, engil sanoat, tele-radio aloqa, kommunikasiya, bank-moliya tarmoqlari uchun bir so'z bilan aytganda, xayotimizning barcha jabxalari uchun zarur bo'lgan yuksak texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar yaratish, malakali mutaxassislar tayyorlash, jaxon axborot texnologiyalari bozorida munosib o'rin egallash masalasiga ustuvor axamiyatga ega vazifa sifatida qarashimiz darkor.
   Shular qatorida bugun hayotimizga chuqur kirib borayotgan Internet tizimini keng joriy etish, yoshlarimizni O'zbekistonning qadimiy va boy tarixi, ezgu qadriyatlarimiz, yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan milliy axborot resurslarini shakllantirish va rivojlantirish, bu borada o'zbek tilining imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasi doimo e'tiborimiz markazida turishi lozim.
   Ana shunday muxim va dolzarb vazifalarni ado etishda universitetning ko'p millatli o'qituvchi va professorlar jamoasi, izlanuvchan talabalari o'zlarining bilim, iste'dod va tajribalarini ayamasdan mehnat qiladilar, deb ishonaman.
   Siz azizlarni bugungi qutlug' bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.
I.Karimov. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti. 9.11.2005 yil

FOYDALI SAYTLAR

prev
next