Giyohvandlik – asr vabosi



Giyohvandlik – asr vabosi

Inson umrini xazonga aylantiruvchi, qabih va jirkanch ishlarga boshlovchi giyohvandlik illati nafaqat bir shaxs, balki, butun oila, u orqali jamiyat taraqqiyotiga rahna soluvchi razil kuch hisoblanadi. Shu boisdan ham yurtimizda ushbu salbiy illatga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Biroq shunga qaramay uning noxush oqibatlaridan boxabar bо‘la turib ham uning domiga tushib qolayotgan kimsalarni kо‘rib ajablanasan kishi. Aslida irodasi sust, о‘z nafsining quliga aylangan kishilargina bunday yо‘lga qadam qо‘yadilar.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash oyligi” doirasida “Giyohvandlik – asr vabosi” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbiri bо‘lib о‘tdi.
О‘tkazilgan mazkur tadbirda giyohvand moddasi – inson hayotini izdan chiqarishga qaratilgan eng katta va jiddiy xavflardan biri ekanligi, bu faoliyatga dahldor shaxslar albatta jinoiy javobgarlikka tortilishi, qayerda giyohvandlik bо‘lsa, о‘sha joyda axloqsizlik avj olishi, millat tanazzulga uchrashi, bu illatga qarshi kurashishda insonlarni sog‘lom hayot tamoyillariga о‘rgatish, ularni ma’nan barkamol va ruhan shaffof bulishlariga kо‘maklashish har birimizning insoniy burchimiz ekanligi haqida mutaxassislar о‘z ma’ruzalarida ta’kidlab о‘tishdi.
Shuningdek, tadbir davomida О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyurtmasi asosida suratga olingan “Ikki yо‘l orasida” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Mazkur targ‘ibot-tashviqot tadbiri yuqori saviyada tashkil etilib, talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Ushbu tadbirda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat narkologiya dispanseri, О‘zbekiston yoshlar ittifoqi mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

2018-02-22 | Muallif: Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi

FOYDALI SAYTLAR

prev
next